Литмир - Электронная Библиотека
A
A

Parpiyevning oldiga kirdim. Kitob deyarli tayyor, baʼzi maʼlumotlar yetishmayotgan edi, xolos.

– Kitobni tezroq chiqaringlar! Yaqin kunlarda Prezidentga koʻrsataman, – dedi u. Keyin Gadoyevga qoʻngʻiroq qilib, menga yordam berishni topshirdi. Telefonda oʻrinbosarning «Xoʻp!» degani eshitildi.

Allamjonov aybdor - img_15.jpeg

DSQning navbatdagi kollegiya yigʻilishida.

Gadoyevning oldiga kirdim.

– Qayerdan olding bu gapni? Toʻrt kunda kitob tayyor boʻlarmish! Kim toʻrt kunda kitob chiqararkan?!

– Erkin Fayziyevich, kitob deyarli tayyor, menga faqat…

Menga nima kerakligini Gadoyev eshitib ham oʻtirmadi, har doimgiday javrab-javrab nasihatini boshladi. Xullas, maʼlumot ololmadim.

Ikki oʻt orasida qoldim. Rahbarlar-ku keyin bir-biri bilan kelishib ham ketar, oʻrtada aybsiz aybdor men boʻlaman.

Ochigʻi, qoʻrqib ketdim. Oʻzimni ikki kattakon kitning oʻrtasida majaqlanib, ovozi chiqmaydigan mayda baliqchadek his qildim. Parpiyevning bir xislati bor edi, hech qachon hech nimani esidan chiqarmasdi. Aytgan ishi qilinyaptimi, yoʻqmi – har soatda tekshirib turardi. Har soʻraganida «Ishlayapmiz», deyman, lekin aslida hech narsa qilinmayotgan edi.

Yana qabuliga kirishga majbur boʻldim.

– Botir Rahmatovich, kitobni vaqtida topshira olmayman. Erkin Fayziyevich urishib, kabinetidan haydab soldi. Bekorchi ish bilan shugʻullanma, dedi. Nima qilay?

Generalning yomon jahli chiqqani koʻrinib turardi. Lekin menga indamadi, gapni choʻzmadi, «Boraver» – deb qoʻydi.

Dushanba kuni majlis. Oʻzi shundoq ham har dushanba boʻladigan majlislarni koʻrgani koʻzim yoʻq, bu safargisi ayniqsa ortiqchalik qilayotgan edi. Kamiga oʻsha kuni kechasi deyarli uxlamaganman, zoʻrgʻa koʻzimni ochib, ishga uchib yetib keldim, apil-tapil formamni kiydim. Majlis aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish mumkin emas.

Lanj boʻlib oʻtiribman, koʻzlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qoʻmita raisining gaplari qulogʻimga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida oʻrinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini soʻraydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib gʻoyani puchga chiqaradi.

Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning koʻzi moshday ochildi.

– Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb oʻylayapsizmi? Nima topshirsam, «yoʻq» deysiz! Takliflarimni yoʻqqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga toʻsqinlik qilyapsiz!

Rais jahl bilan oʻrnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qoʻlidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning oʻtakasi yorilib, zal jimjit boʻlib qoldi.

– Mana, Allamjonovni olaylik! – vazir zalga qarab, meni topdi. Oʻtirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. – Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?

– Men unaqa demadim, unaqa deganim yoʻq… – oʻzini oqlamoqchi boʻldi Gadoyev. Uning qattiq qoʻrqib ketgani bilinib turardi.

Parpiyev koʻzoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo boʻldi.

Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir koʻz tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», – dedi. Yigʻilganlar jimgina tarqala boshladi.

Keyin u mening yonimga keldi.

– Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?

Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:

– Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?

Men jonimni qutqarish uchun, joyida ogʻzimga kelgan bahonani toʻqidim:

– Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich soʻraganiga aytdim-da… Sizni «Kitob toʻrt kunda oʻxshamasa-chi», – deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…

Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.

Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.

Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi oʻrinbosar boʻlmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. Oʻrinbosar boʻlib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qoʻmitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan boʻldi.

Uning oʻrniga hozirgi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.

Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta oʻylab yoki toʻsatdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.

Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini oʻzi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», – deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan oʻtgandek boʻlardik. Rais yordamchilari boʻlimlar uchun alohida savollar tayyorlab qoʻyishardi. Bu boʻlim rahbarlarini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda koʻtariladigan masalalar boʻyicha oldindan maʼlumot toʻplab berilar, minbarga chiqqan xodim koʻpincha qaltis ahvolga tushar edi. Boʻlim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zoʻr yoʻlni oʻylab topishdi. Dilshod Toʻraxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qoʻymang», – deb iltimos qiladigan boʻlishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, koʻpincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan boʻldim. General meni ayab oʻtirmas edi. Kotibiyat boshligʻi Dilshod Toʻraxonov meni oʻlguday yomon koʻrib qolgan, har safar oyogʻimdan chalishga harakat qilardi.

Oxiri bu ahvol jonimga tegdi. Nima, Soliq qoʻmitasida mendan boshqa masala qurib qolganmi? Men jadval tuzib, unga hamma boʻlimlarni, hatto kanselyariyani ham kiritdim. Roʻyxatga qoʻshilmagan faqat qorovul qoldi. Bu hujjatni Parpiyevga olib kirib, oxirgi paytlari majlislar bir qolipda oʻtayotganini aytdim. «Hamma navbati bilan hisobot bersin, har bir boʻlim oʻzining ishini matbuotda yoritsin», – dedim. U rozi boʻlib, jadvalni imzoladi.

Endi meni minbarga chiqarishsa, topshiriqlarni kimlar bajarmayotganini shartta aytadigan boʻldim. Muhtaram hamkasblarim ogʻzimni yopish uchun meni ham «Toʻraxonovning roʻyxati»ga kiritib qoʻyishibdi. Oʻrtaga pul tashlashgan boʻlishsa kerak.

Qisqasi, qilgan ishim uchun taʼzirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir toʻqib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bemaʼni bahona oʻylab topishdiki, hozir aniq nima gap boʻlganini eslolmayman ham. Toʻqqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana poʻstagimni qoqdi. Men esa oʻzimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.

Chiroyli ketmoqchi boʻldim. Oradan toʻqqiz yil oʻtgan boʻlsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim.

Allamjonov aybdor - img_16.png
Allamjonov aybdor - img_17.png
oldiga kelib, gaplashib olmoqchi ekanimni bildirdim.

– Mayli, kelsin, – debdi Botir Rahmatovich.

Ertasi kuni Parpiyevning oldiga kirib, oʻzimning biznesimni boshlash uchun ketmoqchiligimni aytdim.

– Xafa boʻldingmi?

– Yoʻgʻ-e, nega unaqa deysiz? Nimaga xafa boʻlishim kerak?

– Xafa boʻlibsan… – dedi general. – Koʻrib turibman-ku. Mayli, arizangni yoz. Omadingni bersin.

Men ketdim, lekin intizomga oʻrgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan haligacha minnatdorman. U menga doim zarbaga tayyor boʻlib, uni qaytarishni, eng asosiysi, iloji yoʻq narsaning oʻzi yoʻqligini oʻrgatdi. Xohlasak, hamma narsaga erisha olarkanmiz. Bunday olganda, u meni rostdan ham oʻz jiyanidek tarbiyaladi.

7
{"b":"726410","o":1}