Hatto hukumatdagilar ham oʻylashib gaplashadigan, uncha-munchani yaqiniga yoʻlatmaydigan, kamgap, odamovi Parpiyev nima uchun bolasi tengi bu yigitchani yetaklab yurganini hech kim tushunmasdi. Oldiniga FVVga ishga oldi, keyin Bojxona qoʻmitasiga, undan keyin Soliq xizmatiga. Bu bolaning nimasiga ishonadi? Qarindoshi ekani aniq! Qarabsizki, bu bola generalning jiyani ekan, shuning uchun uni koʻtarkoʻtar qilyapti, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarga mixday dalil ham topildi, Parpiyev – andijonlik, otasi Margʻilondan. Mening bobom ham asli fargʻonalik. Demak, amaki-jiyanmiz! Vodiyda hamma bir-biriga qarindosh, begonasi yoʻq.
Многие люди не понимают, что доверие зарабатывается трудом, а лояльность – хорошим и справедливым отношением. Им даже в голову такое не может прийти, они могут оправдать доверие только родственной связью.
Aslida generalning ishonchiga kirganimning sababi oddiy. U juda qattiqqoʻl edi. Yolgʻonni, xatoni kechirishi qiyin, soxtalikni yomon koʻrardi. Mening adashishga haqqim yoʻq edi. U na shaxsiy hayotim, na boʻsh vaqtim boʻlishini tan olar, oʻzi ham tinimsiz ishlar, boshqalarni ham tindirmasdi. Men ham xuddi shunday ishlardim. Qila olmayman, qoʻlimdan kelmaydi, charchadim, uyga, oyimning oldiga borgim kelyapti, deyishim mumkin emasdi. Uning ishonchini oqlashim shart edi. Buyruqlarini soʻzsiz bajarardim, eʼtiroz bildirmasdim, erinchoqlik qilmasdim. Botir Rahmatovich professional xodimlarning qadriga yetardi. Shunday ishlaganim, doim unga yoqadigan natijani bera olganim uchun ham meni bir tashkilotdan ikkinchisiga oʻzi bilan olib yurar edi. Unga «jiyan» ekanimni keyinroq, «Uzmetronom»dagi 8maqoladan bildi.
Ishonch mehnatning orqasidan, sadoqat esa yaxshi va adolatli munosabat tufayli keladi. Lekin buni koʻpchilik tushunmaydi. Odamlar faqat qarindoshlarga orqa qilish mumkin deb oʻylashadi.
Parpiyev FVVdan ketganidan keyin men ham u yerda uzoq ishlamadim. Lekin bu tashkilotning axborot xizmati saviyasini aynan men yangi bosqichga koʻtardim, deb oʻylayman.
U paytda odamlar FVV haqida hech nima bilmasdi, umuman, qutqaruvchilar borligidan ham bexabar edi.
Boshqarma boshligʻi polkovnik Ergash Ikromov tozalikka katta eʼtibor berardi. U boshqarmaga kirib kelganida hovli chinniday boʻlishi, kabinetida isiriq tutatilishi shart edi. Idora hovlisiga har kuni suv sepib, supurib qoʻyilar, qutqaruv mashinalari yaraqlab, biror marta ishlatilmagan texnika yap-yangiligicha turardi.
Boshida ishimiz koʻzga koʻrinishi uchun oldin boʻlib oʻtgan voqealarni sahnalashtirib, tasvirga oldik. Xuddi kinolardagidek, «jarohatlangan» haydovchilarning yuziga qon oʻrniga ketchup surtilardi. Suv toshqinlari, yongʻinlarni oʻquv mashqlariga oʻxshatib uyushtirdik. FVV qanday ishlayotganini koʻrsatish uchun bu qahramonliklarni efirga berdik. Keyinchalik joylarga kamera bilan borib, favqulodda vaziyatlarni jonli tarzda suratga oladigan boʻldik.
Koʻrsatuv ommalashib, odamlar Qutqaruv xizmatining 050 raqamiga qoʻngʻiroq qila boshladi. Qutqaruvchilarning qoʻli qoʻliga tegmasdi: liftda qamalib qolganlar bormi, quduqqa tushib ketgan mushuk bormi…
Esimda, bir kishi «Jemchug»9 doʻkoni tepasidagi uyning toʻqqizinchi qavatidan oʻzini tashlamoqchi boʻlibdi. Turli xizmat vakillari yetib keldi, qutqaruvchilar uni zoʻrgʻa toʻxtatib qolishdi. «Odam hayotga bir marta keladi, hali hammasi zoʻr boʻladi», – deb yaxshi gapirib, xuddi Amerika kinolaridagidek rosa toʻrt soat nasihat qilishdi. Oxiri amallab koʻndirishdi. Pastga tushganida esa ketiga boplab tepib, soʻkib-soʻkib, oʻz joniga qasd qilgani uchun jinnixonaga yuborishdi. U shuncha odamning toʻrt soat vaqtini oʻgʻirladi!
Koʻpincha qutqaruvchilarni avariya boʻlgan joylarga, mashina ichida qolib ketgan odamlarni chiqarib olish uchun chaqirtirishar edi. Biz bu vaziyatlarni efirda koʻrsata boshladik. Orada DAN xodimlarining kamchiliklarini ham gapirib oʻtadigan boʻldik. U paytda FVVga vazir qilib Baxtiyor Subanov tayinlangan edi. Oldin Ichki Ishlar vaziri oʻrinbosari lavozimida DAN sohasini nazorat qilgan Subanov xuddi sobiq hamkasblaridan oʻch olayotgandek boʻlib qoldi.
Vazir Matbuot xizmati boshligʻi lavozimiga oʻzining odamini qoʻydi. Yangi rahbarim menga efirda oʻlim holatlarini koʻrsatishni va IIVni tanqid qilishni taqiqladi.
Men esa «xoʻp» deb, baribir oʻz bilganimdan qolmadim. Nimani lozim topsam, efirga beraverdim. Bu IIV vaziri Almatovga tegib ketibdi. «Sening koʻrsatuvlaringni deb, IIVning boshida kaltak sindi, Prezident apparatidan gap eshitishdi», – deyishardi menga. Toshkent shahar IIBga Allamjonovning ovozini oʻchirish buyurildi. «IIBdagilar choʻntagingga nasha tashlab qoʻyib, qamatmoqchi», – degan gap qulogʻimga yetib keldi. Odatda yaxshilikcha koʻnmaydiganlarni shunday jazolashardi.
Bir kuni ertalab ishga kelsam, atrof toʻla militsiya, Allamjonovni qidirishyapti. Yana janjalning uyasiga tushib qoldim. Oʻshanda meni polkovnik Ikromov himoya qilib, qutqarib qoldi, shu bolaning hayoti barbod boʻlmasin, dedi. Shundan keyin bir oy uydan chiqmay qoʻrqib oʻtirdim. DAN xodimlari har kuni haydovchimni toʻxtatib, mayda-chuyda ayb topib, boshini qotirishardi.
FVVda olgan birinchi maoshimni hamkasb akaxonlarim bilan «yuvib» yoʻq qilganmiz. Uyga oborib, oyimga koʻrsataman deb shuncha kutgan pulimni hamtovoqlarimga ichirib yuborganman. «Sharq»ning10 pastidagi kafeda joy aytib qoʻyishgan ekan, birinchi oyligim ziyofatga ketgan. Uyga arzimagan uch-toʻrt soʻmni koʻtarib kelganman.
Ikkinchi oyligim ham xuddi shunaqa qilib havoga sovurildi. Yoshi katta, azamat ikki harbiyga nima ham deya olardim?
Keyingi gal ayyorlik qildim. Pulimni eng oxirida, hammadan keyin berasiz, deb kassir opa bilan kelishib qoʻydim. Oyligimni oldim-u gʻaroyib boshliqlarim, ogʻaynilarim meni tutib olmasidan uyga qarab qochdim.
2005-2006-yillar
Parpiyev Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimini egallaganida uning birinchi oʻrinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev edi. Islom Abdugʻaniyevich «boʻlib tashla va hukmronlik qil» degan siyosatni olib borar, vazir oʻrinbosarlari rahbariga nisbatan doim kishi bilmas oppozitsiyada boʻlardi. Karimov shu yoʻl bilan oʻziga kerakli maʼlumotni yigʻgan boʻlishi mumkin, lekin bu narsa jamoaviy ishni oʻldirar, faqat ichki fitnalarni keltirib chiqarardi. Tizim iyerarxiyasi boʻyicha har bir xodim kimningdir odami edi: Parpiyevning odami, Gadoyevning odami, Azimovning odami… Bunaqa sharoitda ishni boshqarish uchun rahbar oʻz taktikasiga ega boʻlishi kerak. Parpiyev soliq qoʻmitasiga oʻtganida hammaga ishdan boʻshash haqida ariza yozishni taklif qildi. Yangi jamoa tuzishini aytdi. Hamma ariza yozdi. Keyin Botir Rahmatovich xotirjam oʻtirib, boʻlayotgan qoʻngʻiroqlarni, kim kim uchun iltimos qilib chiqqanini yozib oldi va kuchlar taqsimotining toʻliq jadvaliga ega boʻldi. Qoyilmisiz?
Parpiyev bergan hamma topshiriqlarni uning oʻrinbosari oʻsha zahoti yoʻqqa chiqarishi meni doim hayron qoldirardi. Men – «Parpiyevning odami» bu paytda DSQ matbuot xizmatida ishlardim.
– Nimaga oldimga kiraverasan? Nima keragi bor shuni? – biror taklif, qandaydir zarur ish bilan xonasiga kirsam, Gadoyev har safar norozi boʻlib kutib olardi. Yordam berishni xayoliga keltirmasdi.
Mustaqillikning oʻn olti yilligiga bagʻishlab maxsus albom chiqaradigan boʻldik. Soliq sohasida erishilgan hamma yutuqlarni, yangilik va oʻzgarishlarni koʻrsatmoqchi edik. Ishchi guruh tuzildi. Bosh javobgar menman, lekin hech qanday vakolatim yoʻq. Yaʼni, yugur-yugur qilasan, axborot toʻplaysan, odamlardan statistika maʼlumotlarini yigʻishga harakat qilasan, ammo hamma senga eshikni koʻrsatib yuboradi, birov gapingga quloq solmaydi, mabodo maʼlumot berishsa ham, bir tiyinga qimmat boʻladi.