Shuning uchun korxona tashkil etish juda qiyin masala boʻlib, kerakli eshiklar kerakli odamlargagina ochilardi. Koʻpchilikni hoziroq, joyida daromad topish yoʻllari qiziqtirardi. Bugun pul tikasan, ertaga foyda koʻrasan. Bemalol bir ishni tashlab, osongina boshqasini yurgiza olishing kerak. Ildizi baquvvat, avloddan avlodga oʻtadigan biznes-imperiyalarni qurish uncha-muncha odamning rejasiga kirmagan. Yurtimizda egalarini super boy qilgan, uzoq muddatli, rosmana muvaffaqiyatli ishlab chiqarish obyektlari deyarli yoʻqligining sababi shunda.
1998-1999-yillar
Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan oʻqiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. Toʻgʻri, men u yerga porasiz, hech qanday qoʻngʻiroqsiz, oʻz bilimim bilan kirganman. Toʻgʻri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yoʻl qoʻymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi oʻqi. Seni «kontrakt»da oʻqitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», – degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining gʻildiragini teshib, oʻchimni olganman.
«Fun boys» guruhi konsertidan soʻng sinfdoshlarim davrasida.
Sinfdoshlarimning menga munosabati yomon emas edi. Ayniqsa, «Fun boys» guruhini tashkil qilib, konsert qoʻya boshlaganimizdan keyin yana ham yaqin boʻlib qoldik. Men loyiha rejissori edim. Tomoshalarimizda ustozlarning ustidan ham kulardik. Hammasining emas, albatta. Bizningcha, yaxshi oʻqita olmaydigan, zolim va poraxoʻr oʻqituvchilarni masxara qilardik.
«Ikki yarim» laqabli oʻqituvchimizni yaxshi eslayman. Uy vazifasini qanchalik yaxshi tayyorlab kelmaylik, ikki yarim baho qoʻyardi. Bunaqa bahoning oʻzi yoʻq-ku, oʻquvchilarni yerga urish uchun shuni oʻylab topgan. Konsertimizda «u» sahnaga chiqib olib: «Men fizika oʻqituvchisiman, ismim Muxtazar, mana qirq yildan beri erga tegolmayapman», – derdi.
Shunaqa. Hech kimni ayamas edik. Konsertdan keyin direktor meni xonasiga chaqirtirib, bunday «ssenariylar» uchun poʻstagimni qoqardi. Indamay boshimni egib turar, lekin konsertlarni toʻxtatmasdim.
Boshida chiptalar tekin edi. Keyin oʻylab qoldim. Biz dastur, har bitta sahna, musiqa ustida yotvolib ishlayotgan boʻlsak, tomoshabinlarga yoqayotgan boʻlsa, nima uchun konsert tekin boʻlishi kerak?
Tashkiliy ishlarga, chipta, afishalar tayyorlashga pul tikish kerak. Oyimning oldilariga keldim. Ular: «Adangdan soʻrab koʻr», – dedilar. Ammo men otamdan choʻchirdim, ayniqsa, bu pulni nimaga ishlatmoqchi ekanimni aytishga qoʻrqdim. Onam menga har doim ishonganlar. Yigʻib-tergan oʻn ming soʻmlarini qoʻlimga berdilar.
Chipta sotib oʻtirishni oʻrtoqlarimga topshirdim. Hech qaysisi pul soʻrab ota-onasini bezovta qilmadi. Bu tashkilotchining, yaʼni mening bosh ogʻrigʻim edi. Ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi.
Homiylar bilan ham oʻzim kelishdim. «Aylin» turk pechenyesi maktabimiz hisob raqamiga 25 ming oʻtkazdi. Maktab direktori shundan bir yarim ming soʻmni ovoz kuchaytirgich – usilitelga deb berdi. Qolgan pulni koʻrmadim. Direktor bizni chuv tushirdi.
Yana bir hamkorimiz «Radio-peydj»1 boʻldi. Konsertimiz haqida tekinga eʼlon berishdi. «Nestle» kompaniyasi esa oʻzini zontlarini oʻrnatib, stakanda kofe tarqatdi. Yana uch-toʻrtta homiyni koʻndirish uchun tijorat taklifi bilan butun shaharni aylanib chiqdim. Boshqa hech kim rozi boʻlmadi.
Ravshan Sobirov, Guli Tolipovaning menejerlariga, boshqa artistlarga ham qoʻngʻiroq qilib, konsertda chiqib berishlarini soʻradim. «Tomsuvoq»qa koʻndirdim.
Tabiiyki, mingta chipta sotolmadik, ikki yuztasi ketdi, xolos. Homiylarning oldida sharmanda boʻlmaslik uchun boʻsh joylarni mehmonlar bilan toʻldirdik. Mehribonlik uyi direktoriga iltimos qilib, tarbiyalanuvchilarini opkeltirdim.
Hamma yigʻildi. Ammo… birorta artist yoʻq. Qoʻngʻiroq qilaman, hech qaysisi javob bermaydi. Odamlar qarsak chala boshladi, oradan bir soat oʻtdi, bittasiyam kela qolmaydi.
Bir balo qilib, endigina tanilayotgan Davron Ergashevni topdik, konsertni shu boshlab berdi. Omadim chopib, tadbirni olib borishga professional boshlovchi ham chiqib qoldi. Keyin Otabek Madrahimovga oʻxshab ketadigan bir yigitni koʻrsatishdi. Chiroqlar oʻchirildi, maxsus effektlar yoqildi, yigitchani sahnaga chiqarib yubordik, fonogramma ostida «kuyladi».
Viktorina oʻtkazildi, «Nestle» kofelari tarqatildi. Xullas, prodyuser degan nomimni oqladim.
Faqat kimdir «Nestle» zontigini oʻmarib ketibdi. Oyimga qoʻngʻiroq qilib, shuniyam yetkazishdi. Oʻrniga oʻzlarining soyabonlarini koʻtarib kelibdilar. Yoʻqolgan zont egalari matohlari qanchayam dollar turishini aytishdi. Onam dollarda oldi-berdi qilib yurgan boʻlsalar ham mayli ekan.
Men «Nestle» direktoridan qarzimizdan kechishini yalinib soʻradim. Oʻshanda nega bizni kechirganini bilmayman. Koʻziga judayam ayanchli va rostgoʻy koʻringan boʻlsam kerak-da. Konsertdan tushgan foydani oʻrtogʻim va sherigim Sardor bilan sovurib yubordik. Eng zoʻr koʻzoynak, krossovkalar sotib olib, oʻzimizni xuddi ommaviy tadbirlar direktorlaridek tuta boshladik. Oyimga boʻlsa olgan oʻn mingimdan ming soʻmgina qaytardim, orttirganim shu boʻldi.
Baribir konsert chiroyli oʻtdi. Shu sakkiz yuz kishilik tadbirni oʻtkaza olganimiz ham bir omad, deb oʻylayman. Yaratganning qoʻllagani bu. Agar qoʻshiqchilar kelmaganida, bilmadim nima boʻlardi, sahnaga oʻzim chiqib ketarmidim…
Bizning yoshligimizda biznes qilish bir avantyura, gʻirt tavakkalchilik edi. Hozir boʻlajak tadbirkorlarga aniq, har tomonlama puxta biznes-reja tuzishni, pul bilan imkoniyatlarni chamalashni, bozor va raqobatchilar ishini tahlil qilishni oʻrgatishadi. U paytda esa biz ishni oldi-orqamizga qaramay boshlab yuborardik. Tayinli bir rejaning oʻzi boʻlmasdi. Xuddi eshkaksiz qayiqqa oʻtirib olib, oqim qaysi tomonga olib ketsa, manzilimiz shu ekan, deb ketayotgan sayohatchilarga oʻxshardik. Pul topish uchun nima qilish kerakligini keyinroq tushuna boshladim. «Soliq-info» loyihasi ana shunday paydo boʻldi.
1 «Radio Peydj Semurg» – peyjing kompaniyasi.
IV
Soliq-info
Karimov davrida hamma muharririni taniydigan, ismini biladigan yagona mustaqil sayt «Uzmetronom» edi. Biz har kuni proksi serverlar orqali kirib, Sergey Yejkovning «Tahririyatga xatlar» deb taqdim etadigan insayder yangiliklarini oʻqirdik. Ammo men oʻshandayoq bu maqolalarning soʻz erkinligiga umuman aloqasi yoʻqligi, shunchaki oʻch olish quroli ekanligini tushunganman.
Karimovning qabuliga kirmoqchi boʻlganlarga arzirli sabab kerak edi. Shuning uchun «Uzmetronom» xabarlarini qogʻozga chiqarib, «Matbuotda mana nimalar berilyapti…» degan bahona bilan kirishardi. «Matbuot» esa kimga buyurtma tushsa, oʻshaning ustidan magʻzava agʻdarardi. Mening familiyam bu saytning doimiy «bezagi» boʻlgan. Sergey Aleksandrovich qoʻygan har bir qadamim haqida maʼlumot berardi va xabarni chiroyli badiiy toʻqimalar bilan qorishtirishni boplardi. Maqolalarini qoyilmaqom qilib yozardi-yu, lekin faktlari ancha boʻsh boʻlardi. Gapi ishonarli chiqishi uchun oz-moz haqiqat ham aralashtirib qoʻyardi, albatta.
Meni «Parpiyevning jiyani»ga chiqargan va bor yutuqlarimni (buni koʻproq muvaffaqiyatsizlik degan boʻlardim) qarindosh-urugʻchilikka yoʻygan aynan shu odam boʻladi.
U «Soliq-info»ga majburiy obuna uyushtirilganini qoralab maqola yozgan va tagida shunday izoh qoldirgan edi: «Yurtimizda «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bor-ku, yana bitta gazetaga nima hojat?» Muallif faqat bir masalaga aniqlik kiritishni unutgandi. «SBX» – xususiy nashr. Bu gazeta ham u paytga kelib, xoʻjalik hisobiga oʻtgan «Pravda Vostoka», «Xalq soʻzi», «Postda» va boshqa barcha davlat nashrlari kabi majburiy obuna hisobiga kun koʻrardi. Respublikaning deyarli 99% nashri majburiy obuna orqali tarqatilardi. «Soliq-info» ulardan biri edi, xolos. Lekin hamma «olqishlar» faqat mening boshimga yogʻildi. Vaholanki, men qonunni buzmagandim. Qolgan nashrlarning egalari bir chekkada muloyimgina boʻlib turishdi. Oʻsha davrda holat bunday edi: senzura kuchli, soʻz erkinligi yoʻq, gazetalar oʻqishli emas, hech kim sotib olmaydi. Lekin barcha nashrlarning yopilib ketishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun davlat oʻzi bosh-qosh boʻlib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berardi.