Tezkor harakatlarimiz o‘z natijasini ko‘rsatdi. Biz dushmanning asosiy kuchiga ulardan avvalroq zarba bera oldik.
Uzoq davom etgan otishma tinganidan so‘ng, cho‘qqining narigi tomoniga o‘tib bordik. Reaktiv qurilmalar yakson qilingan, atrofdagi dushman istehkomlari vayron bo‘lgandi. Lekin birorta ham yaralangan yoki halok bo‘lgan dushman jasadini topa olmadik. To‘ntarilib yotgan reaktiv qurilmasidan chetga qarab ketgan simga ko‘zim tushdi. Yonimda turgan Valeriyga imlab uni ko‘rsatdimu, sim yoqalab ehtiyotkorlik bilan atrofni kuzatgancha yura boshladim.
–Shoshilma, Ilya, mina bo‘lishi mumkin, -dedi ortimdan yetib kelgan Valeriy.
– Sim qayoqqacha borganligini bilmasdan ortga qaytishni istaysanmi?– dedim.
–Yo‘q, albatta, har holda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Ellik-oltmish qadam masofadan so‘ng bir quduqqa duch keldik. Sim uning tubiga tortilgan edi. Quduq anchagina chuqur, tubida suvning jimirlagani aniq ko‘rinib turar edi. Ratsiyadan Monichga chiqib, vaziyatni tushuntirib, quduqqa tushishga ruxsat so‘radim.
–Yo‘q, tezda qaytinglar, tushundingmi?
–Xuddi shunday, tezda qaytamiz.
Monichga “xo‘p bo‘ladi” deb qo‘ydim-u, shunda ham qiziqish ustunlik qilib, tushib ko‘rmoqchi ham bo‘ldik. Yaxshiki o‘z vaqtida yetib kelgan “ichki ovoz”, bu yerda ham ish berdi. Qaltis harakatdan o‘zimizni tiydik. Quduqqa ehtiyot shart ikkita granata tashlab, so‘ng buyruqni bajarishga qaror qildik.
Qaytishga shaylanib, o‘ng tarafga burilib, tepalik yonboshidagi katta tuynukka ko‘zim tushdi-yu, beixtiyor Valeriyga qaradim. Uning ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, endi buni tekshirmasdan qayta olmasligimizni angladim. Bir-birimizni so‘zsiz tushunib, tuynuk sari yaqinlasha boshladik. Tuynuk yonboshida yotgancha, avtomatdan bir-ikki sidra ichkariga qaratib o‘q uzdimu, kutib turdim: hech qanday javob alomatlari sezilmadi. Tuynuk inson qo‘li bilan ochilgani aniq, chunki ichkaridan chiqarib jarlikka to‘kilgan tuproqning salmog‘iga qaraganda, uning narigi tomoni, anchagina katta bo‘lishi kerak.
–Kiramizmi?, -degan Valeriy, mening “ha“ degan ma’nodagi tasdiq ishoramdan so‘ng, emaklagancha ichkariga kirdi. Men uning ortidan ergashdim. Ichkariga kirgandan so‘nggina, tuynuk kengaytirilib odam bo‘yi keladigan yo‘lak hosil qilinganligini ko‘rdim. Qo‘l chirog‘imni yoqib yo‘lak oxirini ko‘rishga urindim. Tik turib yurishga imkon bo‘lsada, emaklagan ko‘yi oldinga intildik. O‘n besh metrlar uzunlikdagi yo‘lak bizni keng xonaga olib chiqdi.
Xonada ko‘rpa- to‘shaklaru, har xil bankalardagi oziq-ovqatlar qoldig‘i, eski-tuski kiyimlar sochilib yotardi. Hamma burchaklarni tekshirib chiqdik, boshqa tarafga ketgan yo‘l yo‘q. Ikkita akkumulator batareyasi va unga ulab yoqish uchun mo‘ljallangan kichik-kichik lampochkalarni topdimu, simlarni ulab, ularni yoqdim. Xona nurafshon bo‘lib, endi undagi o‘yib ishlangan tokchalar ham ko‘zga tashlandi. Tokchalarda ingliz, rus tillaridagi va arab imlosidagi kitoblaru gazeta-jurnallar taxlanib turibdi. Ularni birma bir ko‘zdan o‘tkazib, xaritalar va joy chizmalari tushirilgan qog‘ozlarni qo‘ynimga tiqdim.
“Bularni Monichga topshirsam rosa xursand bo‘ladida”, deb o‘yladimu, uning “tezda qaytinglar” degan buyrug‘i yodimga tushdi. Ratsiyadan qaerda ekanligimizni bildirmoqchi bo‘lib, uning murvatini buradim. Xayolni qarang, biz axir yer ostidamiz-ku! Buerda aloqa to‘lqini bo‘lmaydi-ku. Xonani tekshirishda davom etdim. Shiftga yaqin bo‘lgan burchaklarni ko‘zdan kechiraturib, kichikkina tirqishni payqab qoldim. U yerdan topilgan qo‘lyozma daftar va lattaga o‘rab qo‘yilgan to‘pponchani pinjimga urgancha qidiruvda davom etdim. Valeriy oyoq ostidagi to‘shamalarni ostini tekshira boshladi.
–Ilya, bunga qara!
–Nima topding?, -deya unga yaqinlashib, uning oyoq ostidagi qulflangan eshikni ochmoqchi bo‘lib urinayotganligini ko‘rdim.
–Tegma, chetga o‘t!, -deya avtomatim bilan qulfni mo‘ljalga oldim. O‘q tovushi quloqni kar qilgudek varanglab ketdi.
Eshikka sim bog‘lab, uning ikkinchi uchini yo‘lakka olib chiqib o‘zimizni panaga olgach, uni tortib, eshikni ochdik va “portlash bo‘lishi mumkin” degan o‘y bilan yerga qapishib bir muddat yotdik. Yo‘q minalashtirishga ulgurishmagan ekan.
Yerto‘laga aylanma zina orqali tushilarkan. Yon tarafga kengaytirilgan bu xona o‘q dori ombori bo‘lib chiqdi. Har xil turdagi minalar, reaktiv snaryadlar, granatalar va bir necha qutida AKM patronlari bor edi.
–Valeriy, hech narsaga tegma, ketamiz.
– Ketdik, bu yerga portlatuvchi mutaxassislarni chaqirish kerak.
Yuqori xonaga chiqqach, Valeriy “Shoshma, nima, quruq ketamizmi bu yerdan? – deb, o‘rab qo‘yilgan, ichiga kirib uxlash uchun mo‘ljallangan qopdan bir dona menga uzatib, ikkinchisini o‘ziga oldi-da, qo‘shimcha qildi: “Yaponlarniki ekan”.
Tashqariga chiqishimiz bilan yonimdagi ratsiya, o‘zining borligini eslatmoqchi bo‘lganday, vishillab ishlay boshladi. Tugmachasini bosib javob berdimu Monichning darg‘azab ovozini eshitdim.
– Qaerdasan, he onangni…
Ayrim rus tilida so‘zlovchilarni tanglayini qaysi bir so‘kong‘ich ko‘targan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki “onangni…” demasa aytmoqchi bo‘lgan gaplarini u yog‘i bilan bu tarafini bir-biriga olib kelib ulay olmaydi. Bu illat ayniqsa harbiylarda kuchli namoyon bo‘lardiki, buni u joylarda xotin-qizlarning deyarli yo‘qligi bilan bog‘lash mumkin edi. Harbiyni harbiy ekanda desak, boshqa soha vakillarida ham bu keng quloch yoygandi. Taniqli bir futbol sharhlovchisining jonli efirda so‘kinib yuborganligi ham hech kimga sir emas. “Ularning so‘kinishlari rostakamiga emas…” deb quloqlarim ancha moslashib qolgan bo‘lsa ham, baribir o‘zbekligimga borib gohida malol olganimda, men ham uni “yumaloqlab” egalariga qaytarardim. Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Monichning so‘kishlarini o‘zimcha unga qaytarib yo‘llagancha javob berdim:
– Birinchi mo‘ljaldan plyus ikki yuz. Katta sovg‘a topdik, sapyorlar kerak.
– Joyingda tur, hozir boramiz.
– Tushundim.
Monich yo‘l-yo‘lakay o‘z komandiriga bildirgan shekilli, bir zumda sapyorlar ham yetib kelishdiyu asboblarini ko‘tarib ichkariga kirib ketishdi.
O‘lja tushgan hujjatlar va qurolni Monichga berdim, u esa o‘z navbatida, ularni o‘z boshliqlariga topshirdi.
Ichkaridan sim tortib chiqib kelgan sapyorlar, atrofni tozalab, o‘q dori omborini portlatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Monichga quduq haqida eslatib, uni tekshirib ko‘rishga ruxsat so‘radim.
– Qo‘yaver, Azizov, foydasi yo‘q, ular ketib bo‘lishgan. Sen yer osti shaharlari haqida eshitmagan ko‘rinasan-a?
– Qanaqa yer osti shaharlari? – savolga savol bilan javob qaytardim.
– O‘sha sen aytgan quduq yer osti shaharlarining bir qismi, tushunyapsanmi, qator qilib qazilgan quduqlar ostidan bir-biri bilan bog‘langan va suv bilan ta’minlash tizimini tashkil etgan. Bunaqa tizim o‘nlab chaqirimgacha cho‘zilgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, u yerda odamlar yashamaydi, lekin dushmanlar undan unumli foydalanishadi, – deb xaritani ocha boshladi, – mana, qara, biz bu yerdamiz, mana yer osti shaharlari, ko‘ryapsanmi, Jalolobodgacha yetib borgan, – deb uzuq-yuluq chiziqchali belgilarni ko‘rsatdi.
– Shuning uchun, bundan keyin qulog‘ingda bo‘lsin, bunaqa joyga burningni suqma, senga maslahatim shu, -deb xaritani yig‘ishtirdi.
–Yur, endi qolganini yo‘lda tushuntiraman. Sapyorlar o‘z ishini yakunlasin. Xalaqit qilmaylik, – deya meni o‘z ortidan ergashtirdi. Men Valeriyni chaqirib oldimu yugurgancha Monichga yetib oldim.
– Dushmanlar reaktiv snaryadi otish qurilmalarini nishonga to‘g‘rilab qo‘yishadida, simni tortib quduq tubiga tushvolib, murvatini burasa bo‘ldi, birin- ketin uchib chiqqan snaryadlar nishon tomon yo‘l olaveradi. Bir otishda o‘n ikkitagacha otishi mumkin har bittasi. Ma’lum muddatdan so‘ng vaziyatga qarab quduqdan chiqib kelib, o‘q dori omboridan snaryadlarni tashib chiqib yana o‘qlashadi va shu tariqa yana otaverishadi. Biz esa o‘t chaqnagan joyni mo‘ljallab otaveramiz, otaveramiz… Moddiy talafotlar yetkazishimiz, demakki, reaktiv uskunalarini izdan chiqarishimiz, mudofaa istehkomlarini tit-pitini chiqarishimiz mumkin, ammo yer osti shaharlari atalmish maskan “fuqarolari”ga hech qanday zarar yetkaza olmaymiz.