–Podyom!!! Stroitsya na vixod!-buyrug‘idan so‘ng sakrab turib, kiyingancha tashqariga shoshildik.
Tong yorisha boshlagan, atrofdagi bino-yu palatkalar, harbiy texnikalar bemalol ko‘rina boshlagandi . Saflandik. Jami bo‘lib o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li, biz, yosh askarlardan boshqa hech kim yo‘q edi. Biznikidek palatkalar qator qilib tartib bilan joylashtirilgan torgina uzun soylik dushman ko‘zidan anchagina himoya qilingan, yov hujumidan yaxshi mudofaa qilinadigan tabiiy istehkom edi.
–Rovnyaes! Smirno! Nale-vo! Medlennim shagom, begom marsh!-buyrug‘idan so‘ng ertalabki badantarbiyani boshladik.
“Shu soydan chiqmasdan badantarbiya qilsak kerak” deb o‘yladim. Yo‘q, yanglishgan ekanman, o‘ng tarafdagi qirning ustiga qarab yo‘nalgan dala yo‘lidan yuqorilab katta yalanglikka chiqdik.
Chap tarafimizda baland tog‘lik boshlanib ketgan, o‘ng tarafimizda qirlar tugagan joydan boshlab ko‘z ilg‘agan joygacha yam-yashil vodiy ko‘rinib turardi. Soydan chiqishimiz bilan daraxtzor tarafga yo‘naltirilgan artilleriya qurollarini ko‘rgachgina kechqurun bizni “qo‘rqitgan”, ustimizdan uchib o‘tgan “ajdaho purkagan olovlar” nima ekanligini tushundim. “Grad” reaktiv snaryadlar otish qurilmasi pastlikka qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirib raketalarini otgan, ular esa bizni palatka tomiga tekkudek balandlikdan, naq ustimizdan uchib o‘tgan ekan.
Yalanglikka chiqqandan so‘ng “endi qaytsak kerak, endi qaytsak kerak” degan o‘y bilan yugurishda davom etdik. Lekin bizni boshlab ketayotgan serjantning parvoyi falak, qaytish haqida unutgandek- bamaylixotir yugurtirardi. “Esi joyidami buni, dushman hozir bizni otib tashlaydiku, bu yer ochiq yalanglik bo‘lsa, yashirinadigan joyning o‘zi bo‘lmasa, qayoqqa olib ketyapti bizni… ” degan savollar miyamda charx urardi.
Keyinchalik vaziyatni, atrofni o‘rganganimdan so‘ng, bu fikrlarimdan, o‘z o‘zimdan uyalib yurdim. Harholda bu yerda dushmanning o‘qotar quroldan otish ehtimoli kam bo‘lsada, reaktiv snaryadlar hujumidan himoyalangan emasdi. Xullas, ikki kilometrlar yugurib, harbiy qism markazi ko‘zga tashlangach, ortga qaytdik va tushunib yetdimki, biz ishonchli qo‘riqlanadigan harbiy qismning bir chetida joylashgan artilleriya divizionida ekanmiz.
Har xil o‘ylar qurshovida o‘tkazgan bu risoladagidek badantarbiya mashg‘uloti men uchun “afg‘on”dagi birinchi va oxirgisi bo‘lishini ham, hali bu yerdan yanada uzoqroqda joylashgan boshqa bo‘linmaga ketishimni ham xayolimga keltirmac edim. Chunki men boradigan joyda bunaqa mashg‘ulotlar o‘tkazishni hatto tasavvur etish ham mushkul edi. Bu haqda esa keyinroq…
Palatkaga qaytganimizdan so‘ng meni Nosir Rahmonov, Stepanyuk va Ivanov degan bolalar bilan (harbiyda shunaqa, askarlarni familiyasi bilan chaqirishadi, ba’zilarining ismini hozirgacha bilmayman) qo‘shib olib ketishdi. Qism markazidan o‘tib, kechqurun biz uchib kelgan vertolyot yonidan o‘tib shahar tomon yo‘naldik. Bu Gardez shahri edi.
Shaharga kirish yo‘lida, shundoqqina mahalliy aholi uylari yaqinidagi shlagbaumga kelgach, uning chap yonida turgan pastqamgina, paxsadan qurilgan imorat yoniga yetib, mashinadan tushdik.
Qiziq, bu yer harbiylar joylashgan maskanga ham o‘xshamasdi. Uch-to‘rtta har xil yumushlar bilan ovora bo‘lib yurgan navbatchi askarlardan boshqa birov ko‘rinmas, tinchgina, zerikarli joyday bo‘lib ko‘rinardi. Lekin bu aldamchi taassurot edi. Bizni o‘z xonalarimizga joylashtirishdi. “Kazarma” deb ataladigan bu imoratda uchta kichik-kichik yotoqxonalar bo‘lib, har biriga o‘n besh-yigirmatadan karavot joylashtirilgan. Birozdan so‘ng yelkalariga avtomat, pulemyot va granatomyotlar osib olgan bir talay askarlar shovqin-suron bilan kelib qolishdi. Ularning qayoqdan kelishganini ham bilmay qoldim. Ular qurollarini kichkinagina, temir panjarali eshiklar o‘rnatilgan, lekin, hech qachon qulflanmaydigan xonaga kiritib qo‘yishdi-da, yuvinib kelishgach, “Stroitsya, na zavtrak” komandasi berilib, biz ham ularga qo‘shilib, tashqariga yo‘naldik.
Lekin safga hamma ham kelib qo‘shilmadi, ayrimlar o‘z kotelog3ini ko‘tarib, palatkadan qurilgan oshxona tomon o‘z holicha jo‘navorishdi. Ular xizmatni deyarli o‘tab bo‘lgan “ded”lar (harbiyda hamma askarlar orzu qiladigan shunday “martaba”bor) ekanligini tushundim.
Uch kungacha bizga hech kim ortiqcha gap-so‘z qilmadi. Bu, biz yosh askarlar, ya’ni “dux”lar uchun moslashib, ular bilan kirishib ketishimiz uchun berilgan “srok” edi. Shu muddat ichida ichki tartib-qoidalar, o‘zimizga tegishli hududlar bilan tanishib olish imkoniga ega bo‘ldik.
Bu yer men o‘ylagandek zerikarli, tinch joy yemasdi. Aksincha, harbiy qismga kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan asosiy yo‘ldagi KPP (nazorat o‘tkazish joyi) va uning yonboshidagi ikkita artilleriya vzvodlariga biriktirilgan, bir yarim kilometrlar uzunlikdagi hudud, pastqam joyda usti niqoblovchi to‘rlar bilan yopilgan garaj, garajning orqasida esa, toki aerodromgacha bo‘lgan oraliqda joylashgan afg‘on harbiylarining hududi birlashgan gavjum maskan edi.
Oshxonamizning orqa tarafida oltmish metrlar kenglikdagi yantoqzor tugagan joydan ensizgina dala yo‘li o‘tgan bo‘lib, yo‘lning narigi tarafida esa tartibsiz holda paxsadan baland qilib qurilgan mahalliy aholi uylari joylashgandi. Keyinroq bizga bildirishlaricha bu yantoqzor –minalashtirilgan maydon ekan.
Artilleriya vzvodlariga biriktirilgan hudud uzunasiga okoplar qazib birlashtirilgan, ma’lum oraliq masofalarda joylashtirilgan D-30 zambaraklari shunday ustomonlik bilan ko‘zdan pana qilingandiki, ularning uzun stvollari tikanaklar orasidan arang ko‘zga tashlanardi. Okopdan narigi tarafdagi katta maydon tikanzor bo‘lib, u ham minalashtirilgan edi. Bu maydondagi minalar gohida o‘z-o‘zidan portlab qolar yoki signal beruvchi minalar ishga tushib qolardi. Buning asosiy sababi esa, aksar hollarda, turli yovvoyi hayvonlar va daydi itlarning hududga adashib kirib qolganliklari bo‘lardi.
Okoplar boshlangan yerdagi kuzatuv punkti shunday qulay joyda o‘rnatilgan ediki, u yerdan shahar kaftdek ko‘rinib turardi. Bu shahar xuddi o‘rta asrlardagi shaharlarga o‘xshab ketar, qadim qurilgan masjid-u obidalari bilan birga inglizlar mustamlakasi davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar ham ko‘zga tashlanar, masjidlarda aytilgan azon, shamol janubdan esganda, baralla eshitilib turar, shahar biqinida joylashgan neft burg‘ularidan chiqadigan g‘alati tovushlar esa ahyon-ahyonda eshitilib qolardi.
Gardez Paktiya viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, uch tarafdan purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, faqat g‘arb tomon pasttekislikdan iborat. Shaharning janubi- sharqiy tarafidagi tog‘ning bir qismi alohida bo‘lib, shunaqangi ajoyib joylashgandiki, u xuddi askarlar pilotkasiga o‘xshardi, nomini ham shundan kelib chiqib “pilotka tog‘i” deb atardik (Pilotka – to‘nkarilgan qayiqni eslatuvchi harbiy bosh kiyimi). U strategik jihatdan atrofni kuzatishda qulayligi uchun ham u yerda bitta vzvod joylashtirilgandi. Uzoqligi besh-olti kilometrlar bo‘lgan bu “nuqta”mizga har oyda bir-ikki marotaba vertolyot bilan askarlar o‘rin almashtirib kelinardi.
Shaharning shimol tomonidagi tog‘ sari yo‘nalgan, dovondan pastga tushgach, to‘g‘ri Kobulga boradigan bir yuz yigirma chaqirimlik , qachonlardir asfaltlangan yo‘l haqida keyinroq to‘xtalib o‘taman. Janub tarafga yo‘nalgan yo‘l janubiy dovonga borib tutashgan. Dovon esa, toki Jadran qabilasi yopib olgunga qadar, Xost okrugi bilan bog‘lab turardi.
Borganimizdan so‘ng uch-to‘rt haftalar o‘tgach, batareya komandiri kapitan Balushkin, bizni kazarmadagi stol-stullar joylashtirilgan, hammamiz “lenkomnata” deb ataydigan xonaga yig‘ib, burgutqarash nigohi bilan har birimizni birma bir “rentgen nuridan o‘tkazgancha” so‘z boshladi:
– Xo‘p, yigitlar, tez kunlarda “Vardak” amaliyotiga chiqamiz, kimlar borishini esa faqat men hal qilaman, -deyishi bilan ko‘pchilik askarlar qo‘l ko‘tarishib“men boraman, men boraman” deb chug‘urlashib qolishdi.