Литмир - Электронная Библиотека
A
A

Yonimda o‘tirgan Jenya, qo‘lidagi bir quti pechenyesini namoyishkorona aylantirgancha uloqtirayotganda unga qistirib bog‘lab qo‘yilgan granata zapaliga ko‘zim tushdi.

– Nima qilyapsan, Jenya, – degancha qo‘lidagini uloqtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldim. Afsuski, ulgura olmadim. Uning qo‘lidan ozod bo‘lishi bilan ochilgan saqlagichning “shirq” etib chiqargan ovozi texnikalar g‘ovuri ichidan-da quloqlarimgacha yetib keldi.

Portlovchi pechenye havoda uchib borar ekan, “baxshish”umididagi besh-olti nafar bolakaylar uni tutish ilinjida bir-birovlarini quvlagancha u tomon intilishdi. Buni xuddi futbol maydonida burchakdan tashlab berilgan to‘pga egalik qilmoqchi bo‘lgan o‘yinchilar holatiga o‘xshatish mumkin edi.

Lekin pechenye hech kimning qo‘liga tushmasdan o‘tib, eng orqada qolgan, yosh jihatdan tengqurlaridan kichikroq bo‘lgan bolaning panjalari orasiga tushdi va o‘zini ortga tashlab, pechenye ushlagan qo‘llarini ko‘kragi bilan bosgancha yerga yiqildi. Sheriklari uning qo‘lidagiga egalik qilish uchunmi, yoki “o‘yinga” qiziqib ketganliklaridanmi o‘zlarini uning ustiga otishdi. Shu damda “paq” etgan tovushni eshitdim va biz ketayotgan mashina yo‘l chetidagi uy yoniga yetishi bilan uning tomi bizni voqea joyidan to‘sib qo‘ydi. Shu sabab “o‘yin”ning oxirini ko‘rolmadim. Balki ko‘rmaganim yaxshi bo‘lgandir.

– Bu nima qilganing, Jenya, axir bular bolalar-ku, – deya uning ko‘zlariga qaradim. Unda o‘z qilmishidan pushaymonlikni emas, balki dushmanidan o‘ch olgandek sovuq yiltillashni ko‘rib, etim jimirlab ketdi.

– Dushmanning bolasi ham dushman, -dedi sovuq iljayib.

– Juda xunuk ish qilding, bu javobsiz qolmaydi, – endi uning sovuq yuziga qaragim kelmas, unga qarshi aytolgan so‘zlarim faqat shu bo‘lgandi.

“O‘yin”ning oxirini ko‘rmagan bo‘lsam-da, u norasida bolaga qanchalik jiddiy jarohat yetkazganini tasavvur qila olardim. Bir necha oy burun, xizmati tugab, uyga qaytishiga bir-ikki hafta muddat qolgan bir askar postda turib, bekorchilikdan o‘zini chalg‘itish maqsadida granata zapalini o‘ynab qo‘lida ochib qo‘ygan holatini hali yodimdan chiqarganim yo‘q. Granata zapalining o‘zi uning o‘ng qo‘lini uzib ketgan, ustiga- ustak, kichik oskolkalari yuziga va ko‘ziga tekkandi.

O‘zlariga gap tegishidan qo‘rqqan boshliqlar uni “jang paytida qahramonlik ko‘rsatib qattiq yaralandi” qabilidagi soxta ma’lumotlar bilan mukofotga tavsiya qilib gospitalga jo‘natishgandi. “Zapal portlashi xavfli emas, granata qobig‘i bilan portlashi xavfli, ”-deb noto‘g‘ri tushungan bir yigit mayib-majruh bo‘lib uyiga qaytgandi.

Gardez shahri tinch aholi yashaydigan maskan hisoblanar, bundan bir necha yillar ilgari panadan qo‘rqinch bilan mo‘ralaydigan bolalar hozirda do‘stona “baxshish” so‘raydigan darajaga kelishgandi. Shu birgina nojo‘ya harakat qanchadan-qancha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Tinchlik o‘rnatish niyatida kirgan qo‘shinning barcha harakatlari shu birgina bolalarcha “sho‘xlik” tufayli havoga sovurilishi mumkin edi. Ular “intiqom”ni uzoq kuttirishmadi: o‘sha kuni kechqurun shlagbaumda turgan soqchini otib ketishdi.

Vafoni sotish mumkinmi?!

Men uchun “dembel”gacha bo‘lgan masofa hali juda uzoq, “ded”lar tilidan aytadigan bo‘lsam “polzkom do Ameriki”, ya’ni, Amerikagacha emaklab borishga yetadigan vaqt bor edi.

“Ded”lar uyiga qaytadigan vaqti yaqinlashgani sayin muloyim tortib o‘zini avaylaydigan, bo‘lar bo‘lmas “sarguzashtbozlik”lardan o‘zlarini chetga tortadigan bo‘lib qolisharkan. “Avaylagan ko‘zga cho‘p tushar” deb bejiz aytilmagan.

Faqat tungi tekshiruvlardagina ko‘rinib, qolgan vaqtini ofitserlar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan uchinchi vzvod hududidagi “bungal”8da o‘tkazadigan N. N. va K. N. lar bilan shunday ko‘ngilsizlik yuz berdiki, ular umrining oxirigacha ham o‘zini kechira olmasa kerak. Uyga qaytishiga besh-o‘n kun qolgan askarlarga ofitserlar ham ortiqcha topshiriq berib o‘tirmas, jangovar amaliyotlarga ham, imkon darajasida, jalb qilmaslikka harakat qilishardi. Ularning bu kabi ehtiyotkorliklarini suiiste’mol qilgan holda “bungal”dan panoh topgan N. N. va K. N. zerikib, vaqt o‘tkazish va “dembel”ni nishonlash maqsadida feyerverk uyushtirishgan. Lekin bu maqsadda ishlatiladigan raketachalar yo‘qligi aniq. Ixtiyorimizga beriladiganlari esa “jangovar” raketachalar edi. Ya’ni ular tunda yoritish uchun mo‘ljallangan –yorituvchi va signal berishda ishlatiladigan –qizil, yashil rangli olov chiqarib uchadigan raketachalar bor edi, xolos. Ularni ko‘p martalab ishlatib ko‘rganman, osmonga qaratib otsang, vizillab ikki-uch yuz metrlar yuqoriga chiqib boradi-yu, so‘ng chaqnab pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi. Lekin bu bilan kimni ham lol qoldirarding…

Bosh qotirib o‘zicha “kashfiyot” qilgan N. N. yorituvchi raketani “Ochish mumkin emas” deb yozilgan qog‘ozini olib tashlab, trubka ichidan sug‘urib olingan kichik parashyutchani o‘rniga portlatishda ishlatiladigan detonatorni shunday joylab qo‘ydiki, porox kuchi bilan yuqoriga chiqib olgan raketacha yonib, parashyut yordamida sekin pastga tushish o‘rniga, o‘sha joyda portlab atrofga olovli tig‘larini sochishi, bu esa qorong‘u tunda feyerverk bo‘lib ko‘rinishi lozim edi. Nazariy jihatdan yaxshi o‘ylangan. Endi amalda sinab ko‘rish qoldi, xolos.

Ilk “namuna” tayyor bo‘ldi. N. N. uni iltifot bilan do‘stiga uzatdi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Xuddi reja qilinganidek chiroyli olovli guldasta taqdim qilgan “namuna”dan so‘nggisi bir zumda tayyorlandi. Endigi otish navbati o‘ziniki. Chap qo‘lidagi raketachani boshi uzra ko‘tarib, o‘ng qo‘li bilan ilgagini tortishga shaylangan N. N. ikkinchi vzvoddagilar ham bu tomoshadan bebahra qolishlarini istamadi va g‘olibona qichqirdi:

– Qaranglar va havas qilinglar!

Ilgak tortildi. Lekin raketacha, vizillab ko‘kka o‘rlashdan, joyida yonishni afzal ko‘rdi. N. N. uni o‘zidan uzoqlashtirishga ulgurolmadi.

Qo‘lida portlagan raketacha uning chap qo‘l kaftini nimtalab tashladi. Yetmaganiga yuziga ham uch dona oskolka tegib yaraladi. Bekorchilikdagi “kashfiyot” qimmatga tushdi. Ular har qanday mahsulot ham zavoddan “brak” chiqishi mumkinligi ehtimolini hisobga olishmagandi.

Tibbiyot maskaniga tezda yetkazilganiga qaramasdan uning qo‘lini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Bir haftadan so‘ng uyi tomon uchishi lozim bo‘lgan askar bir yarim oy gospitalda davolanib, undan so‘nggina qahramon sifatida Vatanga qaytdi. Komandirlar o‘zlariga gap tegishidan qo‘rqib, yopdi-yopdi qilib, haqiqiy janglarda kimdir ishlab topgan mukofotni uning nomiga rasmiylashtirib bera qolishdi, azamatlar. Ularning “aqlli”ligini ko‘ring. O‘z jangovar mukofotini intiq kutayotgan askarga esa “Moskva qabul qilmadi” deb qo‘ya qolishadi. Qolaversa, haqiqiy qahramonlar tanti bo‘ladilar. Ular gap quvib yurishmaydi. “He, o‘rgildim, o‘sha orden-medalingdan. Kerakmas menga. Sog‘-salomat onajonim bag‘riga qaytsam bo‘ldi” degancha qo‘l siltab qo‘ya qolishadi.

Jangovar amaliyotlar oralig‘ida qismda turganimizda ana shunday ko‘ngilsizliklardan tashqari, har xil tushunmovchiliklar ham bo‘lib turardi. Shunday voqealardan biri Valeriy Purgin navbatchiligida ro‘y berdi. Kazarmamizning kunchiqar tomoni minalashtirilgan maydon bilan himoyalangan, uning narigi tarafida esa aholi uylari boshlanib ketgandi. Maydon bilan kazarmamiz o‘rtasida esa, oshxonamiz joylashgandi. Oshxona yonidagi yantoq ko‘karmaydigan yalanglikda esa kiyim –boshlarimizni qaynatib, yuvib, quritib olishimiz uchun sharoit qilib olgandik. Minalarni ham o‘zimiznikilar, bir necha yillar oldin o‘rnatishgan. Ularni oralab o‘tish uchun maxfiy yo‘lak ham qoldirishgan va uni o‘zlaridan keyin qoladigan izdoshlariga ko‘rsatib ketishardi. Shunday bo‘lsa-da, barchamiz ham, uni aynan qaerda ekanligini aniq bilmasdik. Biz uchun unga zarurat yo‘q edi-da. Ajal urug‘i qadalgan, ushbu maydon borligi uchun ham, bu hudud maxsus qo‘riqlanmas, ichki naryaddagilar va oshxonadagilar tomonidan shunchaki kuzatib turilardi.

вернуться

8

Bungal-jangovar pozitsiyadagi yarim yerto‘la.

11
{"b":"915998","o":1}